Ikkita bir xil qizil to‘pni oling: birini sifatli LED yoritgich ostiga, ikkinchisini bozordan olingan arzon lampa ostiga qo‘ying. Birinchisi to‘q qizilligicha qoladi, ikkinchisi qo‘ng‘ir-jigarrang tusga kiradi. Farq — rang uzatish indeksida, ya’ni CRI’da.

CRI nimani o‘lchaydi

CRI (Colour Rendering Index) sun’iy yorug‘likda buyumlarning ranglari etalon manbaga nisbatan qanchalik tabiiy ko‘rinishini ko‘rsatadi. Shkala — 0 dan 100 gacha:

  • CRI > 90 — professional daraja: ranglar kunduzgi yorug‘likdagidek ko‘rinadi. Bu Philips’ning sport arenalari va teleko‘rsatuvlar uchun standarti.
  • CRI 80–90 — ofislar, do‘konlar va uy uchun yaxshi daraja.
  • CRI < 80 — ranglar sezilarli darajada buziladi: teri «kulranglashadi», taom ishtahani ochmaydi, interyer xiralashadi.

Arzon lampa ishlab chiqaruvchilari nimada tejaydi

Yuqori CRI sifatli lyuminoforni talab qiladi — bu LED tannarxining sezilarli qismi. Arzon lampalarda oddiy lyuminofor ishlatiladi: u rasman «oq» yorug‘lik beradi, lekin spektrning qizil qismida bo‘shliq bo‘ladi. Tanish effekt shundan: yorug‘lik go‘yo yorqin, ammo atrofdagi hamma narsa «sarg‘ayadi» va yassi ko‘rinadi.

Qadoqda esa «CRI 80» deb yozilgan bo‘lishi mumkin. Asbobsiz tekshirish qiyin — shuning uchun qutidagi raqamlarga emas, ishlab chiqaruvchining haqiqiy spetsifikatsiyalariga qarashni tavsiya qilamiz.

CRI qayerda hal qiluvchi

Sport va translyatsiyalar. Zamonaviy o‘ta sekin suratga oluvchi kameralar yorug‘likka shafqatsiz: past CRI va pulsatsiya bo‘lganda translyatsiya rangini yo‘qotadi va «miltillaydi». Bekoboddagi «Metallurg» stadionini yoritayotgan Philips ArenaVision projektorlari CRI > 90 va 1% dan kam pulsatsiya koeffitsiyentini beradi — aynan shuning uchun ular ostida FIFA va UEFA o‘yinlari suratga olinadi.

Ofislar va ishlab chiqarish. CRI 80 dan past bo‘lsa, ko‘zlar tezroq charchaydi: miya buzilgan ranglarni doimo «to‘ldirib chizadi».

Savdo va HoReCa. Yuqori CRI’li yorug‘likda tovar va taom xuddi o‘ylanganidek ko‘rinadi.

Xulosa

CRI — birinchi navbatda tejaladigan xususiyatlardan biri, chunki do‘konda «ko‘z bilan» farqni ko‘rib bo‘lmaydi. U keyin — obyektda ko‘rinadi. Agar maydon, sex yoki zal qanday ko‘rinishi siz uchun muhim bo‘lsa, yorug‘lik tanlashni ikki raqamdan boshlang: CRI va pulsatsiya.